O’zbekistonda arxeoseysmologik tadqiqotlar

OʼzR FА Milliy arxeologiya markazi olimlari Rossiya Fanlar akademiyasi O.Yu. Shmidt nomidagi Yer fizikasi instituti mutaxassislari va OʼzR FА Seysmologiya instituti olimlari bilan hamkorlikda Fargʼona vodiysining seysmik xavflilik darajasini aniqlash va va hududda yuz bergan kuchli zilzilalar sarhisoblarini tayyorlash maqsadida ilk bor arxeoseysmologik dala tadqiqotlari oʼtkazishdi. Tadqiqot obyektlari Аxsikent, Eylatan, Quyultepa, Mugʼqalʼa, Mugʼtepa va Qirqxujra kabi yirik yodgorliklar boʼlib, ular mintaqadagi seysmik faoliyat natijasida turli vaqtlarda zarar koʼrgan yoki butunlay vayron boʼlgan. Tadqiqot natijalari taniqli ilmiy jurnallarda bir qator maqolalarda keltirilgan.

 

Qadimgi Eylatan shahri miloddan avvalgi I asrda kuchli zilzila tufayli vayron boʼlgan, hisob-kitoblarga koʼra, zilzilaning jadalligi 10 ballni tashkil etgan. Аholisi shaharni tark etib, yaqin atrofda yangi turar-joylar qurishgan, ulardan biri Quyultepa boʼlgan, lekin u ham 8–10 balli kuch bilan zilzila vaqtida vayron boʼlgan. Kosonsoy daryosining chap sohilida, Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida Mugʼqalʼa va Mugʼtepa ikkita yodgorlik boʼlib, ular ham seysmogen omil tufayli zarar koʼrgan. Taʼkidlash kerakki, Mugʼqalʼa quruvchilari Fargʼona vodiysidagi xavf-xatarlarni bilishgan va mudofaa devorlari poydevorlariga yirik yumaloqlangan toshlarni qoʼyish kabi seysmik usullar yordamida muhim inshootlarni qurishgan. Shuningdek, miloddan avvalgi 90-yillarda zarar koʼrgan va milodiy IV–V asrlar oxirida kuchli zilzilalar natijasida tashlab ketilgan Qirqxujra manzilgohiga bagʼishlangan alohida maqola ham bor. Shuningdek, yuqorida keltirilgan yodgorliklar uchun Qirqxujra rejasi va seysmogen xarakterga ega boʼlgan yodgorlik deformatsiyalarining batafsil tavsifi berilgan.

Har bir maqolada mintaqaning geologik, tektonik va seysmologik tadqiqoti boʼyicha qisqa, lekin batafsil tavsifi berilgan. Bundan tashqari, butun mintaqaning seysmik faoliyati tarixi bilan bir qatorda koʼrib chiqilayotgan yodgorliklarning tarixiy-arxeologik tadqiqotlariga bagʼishlangan boblar ham mavjud.

Har bir maqolaning muhim tarkibiy qismi arxeoseysmologik tadqiqotlar natijalari hisoblanib, unda inshootlarga zilzila taʼsiri jarayonlari tafsilotlari, tektonik faollik tufayli yodgorliklar zararlanishining barcha turlari, shuningdek ularning seysmogen kelib chiqishining qator sabablari keltirib oʼtilgan. Ulardan devorlar uyumi, devorlar egilishi, devorlarini kesib oʼtgan yoriqlar, bloklar oʼrtasida choʼzilgan yoriqlar, qalin devorlarning tebranishi va yoyilishini sanab oʼtish mumkin.

Ushbu tadqiqot Fargʼona vodiysidagi arxeologik yodgorliklar asosida mintaqaning seysmologik faolligini oʼrganishdagi birinchi urinishdir. Ishni amalga oshirish mobaynida mintaqaning seysmik tarixi toʼgʼrisidagi bilimlarni kengaytirish imkonini beradigan maʼlumotlar qoʼlga kiritilgan va ular hududdagi tebranishlar seysmik xavfini baholashda yoʼl qoʼyilgan xatoliklarni koʼrsatib beradi. Kelgusi izlanishlar mintaqani seysmik rayonlashtirish boʼyicha yangi xaritasini tuzishda yordam beradi.

Quyidagi havolalar orqali maqola bilan tanishish mumkin:

 

https://www.researchgate.net/publication/342663725_Sejsmiceskie_deformacii_v_arheologiceskih_pamatnikah_Mugkala_i_Mugtepa_Ferganskaa_vpadina_Uzbekistan

https://www.researchgate.net/publication/345738009_SEJSMICESKIE_DEFORMACII_V_DREVNEM_POSELENII_KYRKHUDZRA_RASPOLOZENNOM_NA_VELIKOM_SELKOVOM_PUTI_V_PAPSKOM_RAJONE_UZBEKISTANA

https://www.researchgate.net/publication/334094498_NEDOOCENENNAA_SEJSMICESKAA_OPASNOST_FERGANSKOJ_VPADINY_NOVYE_ARHEOSEJSMOLOGICESKIE_DANNYE