Joriy yil aprel oyi boshida Shimoliy gʻarbiy universitet (XXR) rahbariyatining taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologik tadqiqotlar institutining direktori F.A.Maksudov, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori, akademik K.Sh.Tojibayev va Yadro fizikasi instituti direktori o’rinbosari I.I.Sodiqov va Umumiy va noorganik kimyo instituti direktori B.S.Zakirovlar Xitoy Xalq Respublikasiga tashrif buyurdi.
Ushbu tashrif 2019-yil fevral oyida Toshkent shahrida Fanlar akademiyasi va Shimoliy gʻarbiy universitet (XXR) vakillarining ikki oʻrtada ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan uchrashuvining davomi hisoblanadi. Tashrif chogʻida Oʻzbekiston delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasi Shimoli-gʻarbiy universiteti rahbariyati bilan Oʻzbekiston –Xitoy ilmiy madaniy aloqalarni rivojlantirish, arxeologik tadqiqotlarni umumjahon darajasiga koʻtarish va yurtimizda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash borasida oʻzaro manfaatli loyihalarni muhokama qilishdi. Xususan, arxeologik qazishmalar jarayonida aniqlangan topilmalarni geoarxeologiya, paleozoologiya, paleobotanka kabi yoʻnalishlar asosida tahlil qilish va shu asosda aniq ilmiy natijalar qoʻlga kiritish imkonini beruvchi OʻzR FA Arxeologik tadqiqotlar instituti qoshida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan “Tabiiy fanlar va Ipak yoʻli sivilizatsiyalari” Oʻzbekiston-Xitoy xalqaro laboratoriyasini zamonaviy asbob uskunlar bilan jihozlash masalalarida kelishib olindi.