O‘zbekiston-Xitoy: ilm-fan va ta’lim sohasida hamkorlik

Fanlar akademiyasi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi Metodik markazi hamda Xitoy Xalq Respublikasining Tsinghua (Qinghua) universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy hamda madaniy hamkorlikning shakllanish modeli, uning rivojlanish bosqichlari va istiqbollari yuzasidan fikr almashishdan iborat bo‘ldi. Uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy aloqalar, zamonaviy hamkorlik yo‘nalishlari hamda ilm-fan va ta’lim sohasidagi o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

  

Uchrashuvda O‘zbekiston–Xitoy strategik sherikligining mustahkamlanib borayotgani, ayniqsa, ilmiy-tadqiqot ishlari, akademik almashinuvlar va qo‘shma loyihalarning ahamiyati alohida ta’kidlandi. Tomonlar kelgusida hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda yosh tadqiqotchilar uchun akademik imkoniyatlarni oshirish masalalariga e’tibor qaratdilar.

Ma’lumot o‘rnida: Tsinghua universiteti 1911-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda Xitoy Xalq Respublikasining milliy universitetlar reytingida birinchi o‘rinni, jahon universitetlari reytingida esa 12-o‘rinni egallaydi. Ushbu oliy ta’lim muassasasi ilm-fan, muhandislik, texnologiya va ijtimoiy fanlar sohasida yetakchi ilmiy markazlardan biri hisoblanadi.