O‘zbekiston va Xitoy: ilmiy g‘oyadan real sanoat mahsulotigacha: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tashabbusi bilan boshlangan hamkorlik Xitoyning yirik innovatsion tanlovida e’tirof etilmoqda

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi (O‘zR FA) va Xitoyning yuqori texnologiyalar sanoati o‘rtasidagi strategik hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zR FA Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti bosh ilmiy xodimi, f.-.m.f.d. Umedjon Xalilov hamda Xitoyning "Fuzhou Liangyuan Technology Research Institute Co., Ltd." kompaniyasi hamkorligida yaratilgan innovatsion loyiha Fujian provinsiyasining nufuzli "100-Talent Program" (2025) tanlovida taqdim etilmoqda.

 

Innovatsion mahsulot: g‘oyadan reallikka
Umedjon Xalilov g‘oyasi asosida jamoa uglerod nanonaychalari asosidagi o‘tkazuvchan pastalarni (conductive paste) ishlab chiqdi. Hamkorlik doirasida allaqachon dastlabki tayyor mahsulotlar olingan bo‘lib, ular orasida yuqori tozalikdagi uglerod nanonaycha kukunlari va litiy-ion batareyalar uchun maxsus pastalar mavjud.

Loyiha quyidagi texnologik yutuqlari bilan ajralib turadi:

Hozirda U.Xalilov va uning Xitoydagi hamkorlari Fuchjou shahrida loyihani sanoatlashtirish ustida ish olib bormoqdalar. Rejaga ko‘ra, 2026-yilda yillik quvvati 50,000 m3 bo‘lgan ishlab chiqarish liniyasi ishga tushiriladi va 2027-yilda mahsulot CATL va Fuxia Battery kabi gigantlarga yetkazib beriladi.

"FA vitse-prezidenti, professor Sirojiddin Mirzayevning qo‘llab-quvvatlovi bo‘lmaganda, ushbu ilmiy g‘oyani xalqaro miqyosdagi biznes loyihaga aylantirish qiyin kechar edi. Bu hamkorlik O‘zbekiston ilmini dunyo bozoriga olib chiqishda muhim qadamdir," - deya ta’kidlaydi loyiha rahbari Umedjon Xalilov.

Ushbu loyiha O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Xitoyning "Fuzhou Liangyuan Technology Research Institute" o‘rtasidagi ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasining yorqin namunasidir. Loyiha maqsadi yangi avlod elektromobillari uchun eng muhim butlovchi qismlardan biri bo‘lgan o‘tkazuvchan qo‘shimchalarni ishlab chiqarish hisoblanadi.