O‘zbekiston va Rossiya xalqaro ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti  tez neytronlarda ishlaydigan to‘rtinchi avlod ko‘p maqsadli ilmiy-tadqiqot reaktori bazasidagi "Rosatom" xalqaro tadqiqotlar dasturining rasmiy ishtirokchisiga aylandi.

O’zR FA Yadro fizikasi instituti direktori Ilhom Sodiqov hamda Konsorsium yetakchisi ("Rosatom" davlat korporatsiyasi tarkibiga kiradi) bosh direktori Vasiliy Konstantinov o’rtasida imzolangan kelishuvga ko’ra O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti Dimitrovgradda (Ulyanovsk viloyati) "Yangi atom va energetika texnologiyalari" texnologik yetakchilik milliy loyihasi doirasida "Rosatom" tomonidan barpo etilayotgan tez neytronlarda ishlaydigan to‘rtinchi avlod ko‘p maqsadli ilmiy-tadqiqot reaktori negizida Konsorsiumga qo‘shildi.

 

 

"Bugungi imzolash O‘zbekiston Yadro fizikasi instituti va Rossiya ilmiy-texnik hamjamiyati o‘rtasidagi hamkorlikning yangi ufqlarini ochadi. Biz tez neytronlarda ishlaydigan to‘rtinchi avlod ko‘p maqsadli ilmiy-tadqiqot reaktori asosidagi noyob konsorsiumning bir qismi bo‘lishdan mamnunmiz hamda IV avlod reaktori olimlarimiz uchun eng muhim vositaga aylanadi, ilg‘or tadqiqotlar olib borish va kelajakning ilmiy yo‘nalishlarini rivojlantirish imkonini beradi," - deya ta’kidladi O’zR FA Yadro fizikasi institut direktori Ilhom Sodiqov.

 

Yadro fizikasi institutining xalqaro Konsorsiumdagi ishtiroki unga yangi avlod reaktorlaridan foydalanish bilan bog‘liq zamonaviy ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalardan foydalanish imkoniyatini beradi. Institut olimlari tajriba yo‘nalishlarini belgilash, ko‘p tomonlama loyihalarni ishlab chiqish va qo‘shma ilmiy faoliyatni muvofiqlashtirishga katta hissa qo‘shishlari mumkin bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Yadro fizikasi institutining Konsorsiumga qo‘shilishi O‘zbekiston va Rossiya ilm-fanini yangi imkoniyatlar bilan boyitadi. Bu, eng avvalo, ekstremal sharoitlarda zarrachalar xatti-harakati va o‘zaro ta’sirining nazariy modellarini eksperimental tasdiqlash sohasidagi fundamental tadqiqotlar, fundamental kuchlar va simmetriyalarning tabiati haqidagi gipotezalarni tekshirish, shuningdek, moddaning yangi holatlari va ekzotik hodisalarni izlashdir.