Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Matematika instituti

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti — Oʻzbekistonda matematikaga oid tadqiqotlar olib boradigan va ularni muvofiqlashtiradigan ilmiy tadqiqotlar markazi. 1943-yilda Toshkentda tashkil etilgan, 1954-yildan uning asoschilaridan biri Romanovskiy Vsevolod Ivanovich nomi bilan atala boshladi. Dastlab Matematika va mexanika instituti deb nomlanib, matematika, mexanika, nazariy geofizika, seysmologiya boʻyicha nazariy va amaliy tadqiqotlar olib borilgan. 1964-yilda Matematika institutining boʻlimlari asosida Mexanika va inshootlarning seysmik mustahkamligi instituti, Kibernetika instituti, seysmologiya instituti tashkil boʻldi. Hozirgi kunda Matematika institutida algebra va analiz, differensial tenglamalar, ehtimollar nazariyasi, matematik statistika, hisoblash matematikasi, matematik fizikaning noklassik tenglamalari, amaliy matematika boʻlimlari bor. Institutda 60 dan ortiq ilmiy xodim faoliyat koʻrsatadi. Institutda jahonga mashhur ehtimollar nazariyasi va matematik statistika, xususiy hosila differensial tenglamalar, funksional analiz ilmiy maktablari yaratilgan. Bu maktablarning tashkil boʻlishi va rivojlanishiga akademik V. I. Romanovskiy, T. A. Sarimsokov, S. H. Sirojiddi-nov, I. S. Arjanix hissa qoʻshgan boʻlsa, hozirgi kunda akademik T. J. Joʻrayev, M. S. Salohiddinov, Sh. A. Ayupov, T. A. Azlarov, Sh. Q. Farmonovlar ularning davomchilari. Institutda 40 dan ortiq fan doktori, 300 dan koʻproq fan nomzodlari tayyorlangan. Institut xodimlarining tadqiqotlari 75 monografiya, 130 ilmiy toʻplamlarda, 10 dan ortiq darsliklarda, shuningdek, mamlakatimizdagi va xorijdagi obroʻli ilmiy jurnallarda bosilgan koʻplab maqolalarida aksini topgan. Matematik olimlar ishlarini yorituvchi "Oʻzbek matematika jurnali" institut tomonidan nashr qilinadi, maktab oʻquvchilari uchun moʻljallangan "Fizika, matematika va informatika" ilmiyuslubiy jurnali institut olimlari otalig’ida chop etiladi.