“Oʼzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash toʼgʼrisida”gi Qonun loyihasi muhokama qilindi

Аvval xabar qilganimizdek, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyuldagi PQ-4794-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Fanlar akademiyasi tomonidan “Oʼzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash toʼgʼrisida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Qonun loyihasi 5 ta bob va 26 ta moddadan iborat.

Qonunni ishlab chiqish va qabul qilish zarurati quyidagilar:

Soʼnggi 10 yil mobaynida dunyoda sodir boʼlgan falokatli zilzilalar natijasida 914 ming kishi qurbon boʼlgan, jabrlanganlar soni 2,5 mlndan ortiq kishini, umumiy iqtisodiy zarar esa 360 mlrd dollarni tashkil etgan.

Mamlakatimizning 78 % yer maydoni seysmik faol hududlarda joylashgan boʼlib, MSK – 64 shkalasi boʼyicha 6 va undan yuqori ballik yer silkinishlari doimiy ravishda sodir boʼlishi kuzatiladi. Fargʼona vodiysining aholi zich joylashgan tumanlari, Toshkent atrofi, Markaziy va Janubiy Oʼzbekiston hududlari 8-9 balli yer silkinishlari sodir boʼlishi xavfi mavjud boʼlgan zonalarda joylashgan.

Shu sababli, mamlakatimiz aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlashning qonuniy asoslarini takomillashtirish, masʼul davlat organlarining bu boradagi vakolatlarini belgilash hamda kuchli zilzilalarga tayyorgarlik koʼrish, ularning oqibatlarini bartaraf etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish zarurati mavjud.

Qonun loyihasini qabul qilish quyidagi imkoniyatlarni yaratadi:

respublika aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlashning iqtisodiy va huquqiy asoslari shakllantiriladi;

respublika aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlashning sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, amaldagi qonunchilikdagi boʼshliqlarni bartaraf etish va huquqiy tartibga solishning zarur darajasini taʼminlash uchun samarali meʼyoriy-huquqiy baza yaratilishida bevosita xizmat qiladi.

Shuningdek, qonun loyihasini qabul qilinishi ijtimoiy-iqtisodiy samaralarga olib keladi (aholi va hududlarning seysmik xavfsizligi taʼminlash darajasi yangi bosqichga chiqadi, sohani uzviy rivojlanishi taʼminlanadi, seysmik mustahkam bino va inshootlarni qurilishi sifati nazoratga olinadi).

Qonun loyihasini ishlab chiqishda АQSh, Yaponiya, Rossiya, Аrmaniston, Qozogʼiston va Qirgʼiziston mamlakatlari qonunchiligi, shu jumladan ushbu sohada qabul qilingan davlat dasturlari oʼrganildi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi Davlat byudjetidan qoʼshimcha mablagʼlar ajratilishini talab etmaydi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi seysmik xavfsizlikni taʼminlashning yaxlit tizimi yaratilishiga, sodir boʼlishi mumkin boʼlgan kuchli zilzilalarga doimiy tayyorgarlik koʼrib borish amaliyoti shakllanishiga xizmat qiladi.