O‘zbekiston “Qizil kitobi”ning yangi nashri tayyorlanmoqda

Joriy yil 6-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi binosida O‘zR FA tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumani O‘zbekiston “Qizil kitobi”ning yangi nashri tayyorlash borasida olib borilayotgan tadqiqotlarga bag‘ishlandi. Unda O‘zR FA Botanika hamda Zoologiya instituti yetakchi olimlari, akademiklar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

  

1984-yilda chop etilgan O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobining birinchi nashrida faqat 163 tur ro‘yxatga olingan bo‘lsa, 1998-yilda (ikkinchi nashr) 301 tur kiritilgan. 2006-yilgi nashrida muhofazaga olingan o‘simlik turlari soni 305 tani tashkil etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akalemiyasi Botanika instituti hamda Zoologiya instituti olimlari tadqiqotlari asosida O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobining yangi nashri chop etishga tayyorlanmoqda.

2019-yilning oxirigacha chop etilishi rejalashtirilayotgan yangi tahrirdagi Qizil kitobga (flora) amaldagi Qizil kitob ro‘yxatidan (2009) 8 ta tur chiqarilgan holda, (bu bilan 0 kamyoblik maqomiga ega bo‘lgan turlar 19 tadan 10 tagacha qisqaradi), 15 ta tur kiritilganligining guvohi bo‘lishimiz mumkin. Ushbu yangi nashrda umumiy muhofazaga muhtoj bo‘lgan, yo‘qolib ketish arafasida turgan kamyob 314 o‘simlik turlarini o‘z ichiga olgan.

Qizil kitobning amaldagi (fauna) – 2009-yildagi nashriga jami 188 ta tur (kenja turlar bilan birga) kiritilgan. Ulardan 23 tasi (kenja turlar bilan 24) sut emizuvchilar, 48 tasi (kenja turlar bilan 51) qushlar, 16 tasi sudralib yuruvchilar, 17 tasi (kenja turlar bilan 18) baliqlar, 3 tasi halqasimon chuvalchanglar, 14 tasi (kenja turlar bilan 15) mollyuskalar va 60 tasi (kenja turlar bilan 61) bo‘g‘imoyoqlilar.

Yangi tahrirdagi Qizil kitobning noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlari ro‘yxatiga 21 turdagi hayvonlar – umurtqasiz hayvonlarning 5 turi, sudralib yuruvchilarning 5 turi, qushlarning 4 turi va sutemizuvchilarning 7 turini kiritish va 12 turdagi hayvonot olami obyektlarining (baliqlar – 1 tur, sudralib yuruvchilar – 1 tur, qushlar – 8 tur, sutemizuvchilar – 2 tur) so‘nggi bir necha yil ichida turlarning holati to‘g‘risidagi olingan ma’lumotlarga muvofiq milliy darajada turlarning kamyoblik (tahlika) maqomini o‘zgartirish yuzasidan xulosalar tayyorlandi.