"O'zbekiston-Hindiston: madaniy aloqalar tarixidan" nomli foto ko'rgazma tashkil qilindi

Oʼzbekiston va Hindiston oʼrtasidagi munosabatlar doʼstlik, ishonchli hamkorlik, ming yillik tarixiy-madaniy, maʼnaviy rishtalar orqali rivojlanib kelgan. Qadimdan ikki davlat ilm-fan taraqqiyoti va tinchlikka intilib, xalqlar birdamligi uchun hamkorlikka alohida eʼtibor qaratgan. Buyuk bobokalonlarimiz Hindiston xalqining tarixi bobida benazir asarlar yaratgani, oʼzbek va hind sanʼatlari milliy madaniyatlar va adabiyotlarimiz hamohang ekanligidan dalolat beradi. Buyuk ipak yoʼlining Oʼzbekiston va Hindiston boʼylab oʼtishi natijasida nafaqat savdo-iqtisodiy, balki madaniyatlar oʼrtasida ham almashinuvlar yuz bergan.

2021-yil 21-yanvar kuni O'zR FA O'zbekiston tarixi davlat muzeyi filiali Toshkent muzeyida "O'zbekiston-Hindiston: madaniy aloqalar tarixidan" nomli foto ko'rgazma ochilishiga bag'ishlangan tantanali tabdir bo’lib o’tdi.

Koʼrgazma Toshkent fotolar uyi, Oʼzbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Ko'rgazma ochilishiga bag'ishlangan tantanali tabdirda Mirobod tumani Madaniyat boʼlimi va Lal Bahodur Shastri nomidagi 24-maktab oʼquvchilari oʼzlarining badiiy chiqishlari bilan ishtirok etdilar.

Koʼrgazmada Hindiston rahbariyatining Oʼzbekistonga tashrifi va zamonaviy Hindistonning fotosuratlari namoyishga qoʼyilgan.

 

Oʼzbekiston va Hindistonni tarixiy, madaniy aloqalar bogʼlab turishi, urf-odat, anʼanalarda mushtarak jihatlarning mavjudligi ikki tomonlama madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish imkonini berdi. Buning natijasida Oʼzbekiston va Hindiston oʼrtasida madaniy almashuvlarni yoʼlga qoʼyishda muhim ahamiyat kasb etayotgan "Oʼzbekiston-Hindiston" doʼstlik jamiyati, Lal Bahodur Shastri nomidagi hind madaniyati markazi faoliyati yoʼlga qoʼyilgani hamda bugungi ko'rgazma mamlakatlarimiz oʼrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga va izchil rivojlantirishga xizmat qilmoqda.