Bugun, 12-oktyabr kuni OʼzR FА Direktorlar kengashining navbatdagi yigʼilishi oʼtkazildi. Yigʼilishni Direktorlar Kengashi raisi Q.Davronov ochib berdi va kun tartibidagi masalalar bilan tanishtirdi.
Kun tartibidagi birinchi masala boʼyicha FА prezidenti B.Yuldashev soʼzga chiqib, tizimda oxirgi besh yilda amalga oshirilayotgan ishlarga, ilmiy tadqiqotlar natijalariga toʼxtaldi.
Soʼngra, FА Matematika instituti direktori Sh.Аyupov FА Ustavining yangi tahriri haqida gapirib, unga kiritilgan oʼzgartirishlar boʼyicha maʼlumot berdi.
Yigʼilish kun tartibidagi navbatdagi masala – FА ilmiy-tadqiqot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash dasturi asosida ilmiy va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash boʼyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʼgʼrisida FА bosh ilmiy kotibi Gʼ.Baxadirov maʼlumot berdi.
Maʼlumki, Davlatimiz Rahbari rahnamoligida soʼnggi yillarda ilm-fanga alohida eʼtibor va gʼamxoʼrlik koʼrsatilmoqda. Xususan, 2020-yil 1-yanvardan FА tizimidagi barcha ilmiy tadqiqot muassasalari byudjetdan moliyalashtirish tizimiga oʼtdi. FА Moliya-iqtisod boʼlimi boshligʼi M.Joʼraeva ilmiy-tadqiqot muassasalarining toʼgʼridan-toʼgʼri byudjetdan moliyalashtirishga oʼtgandan keyingi faoliyati haqida toʼxtaldi.
Shuningdek, yigʼilish kun tartibida FА tizimidagi ijro intizomi holati va belgilangan topshiriqlar ijrosi toʼgʼrisida ham maʼlumot berildi.
Yigʼilish soʼnggida FА tomonidan yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan ishlar boʼyicha aniq vazifalar belgilab olindi.