Oʼzbekiston – Eron: adabiy ilmiy aloqalar

Аlisher Navoiy jamoat fondi ijrochi direktori Olimjon Davlatov Eronning Oʼzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Hamid Naerobodiy bilan uchrashdi.

 

Uchrashuvda Fond ijrochi direktori Oʼzbekiston va Eron ilmiy aloqalari uzoq yillarga borib taqalishini, Navoiy ijodiga fors shoirlarining taʼsiri, shoir gʼazalnavislikda Аbdurahmon Jomiy, Xusrav Dehlaviy, Hofiz Sheroziylarni oʼziga ustoz deb bilgani, “Hamsa”ni Nizomiy, Аmir Xusrav va Jomiyning forsiy dostonlariga izdoshlik qilib yozganini alohida taʼkidlab oʼtdi.

Elchi Hamid Naerobodiy ham oʼz navbatida Eronda bugungi kunda ham Аlisher Navoiy nomi bilan bogʼliq meʼmoriy inshootlar saqlab qolganiga toʼxtalib oʼtdi.

Uchrashuvda ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, xususan, Аlisher Navoiyning oʼzbek tilidagi lirik merosini, gʼazallarini fors tiliga tarjima qilish, Erondagi Navoiy hayotligida koʼchirilgan qoʼlyozma nusxalarini Oʼzbekistonga olib kelish masalalari atroflicha muhokama qilindi.