OʼzFА Oʼzbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari fan va taʼlim integratsiyasini taʼminlash ishlarida ham jonbozlik koʼrsatib kelmoqda. Bugungi kunda Institut ilmiy xodimlari tomonidan tayyorlangan oʼzbek tili, adabiyoti va folkloriga oid darsliklardan taʼlimning turli boʼgʼinlarida foydalanilmoqda. Shu kunlarda Institutning Sotsiolingvistika boʼlimi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Yorqinjon Odilovning Janubiy Koreyaning Hankuk universiteti professorlari (PhD) Аziza Mashrabbekova hamda Lee Jieon bilan hamkorlikda tayyorlangan “Oʼzbek tili. Standart darslik” nashrdan chiqdi.
Ushbu darslik V2 darajasi uchun moʼljallangan boʼlib, unda koreys talabalarining oʼzbek tili grammatik tuzilmalarining turli variantlaridan foydalangan holda dolzarb, ijtimoiy ahamiyatli mavzularda professional muloqot qilish koʼnikmalarini rivojlantirish maqsad qilingan. Darslikdagi mashq va topshiriqlar oldin oʼrganilgan grammatik shakl va qurilmalardan nutqda erkin foydalanish malakalarini egallash va ularni yanada rivojlantirishga yoʼnaltirilgan, tegishli mavzular doirasida oʼquvchilarning lugʼat boyligini oshiradigan materiallar berilgan. Va, albatta, darslikda hal qilinayotgan kommunikativ vazifalar tarkibini murakkablashtirish orqali lingvistik kompetentsiyani shakllantiradigan oʼquv topshiriqlari taqdim qilingan.
Mualliflar talabalarga avval oʼrganilgan grammatik qoidalarni takrorlashga yordam beradigan topshiriqlar bilan birga, koʼmakchi feʼllar, oʼzlik olmoshlari, darslikning darajasiga muvofiq ravishda yangi faol qurilma va iboralar boʼyicha yangi materiallarni berganlar. Darslikning “Ilova” qismiga qoliplashgan birikma va birikuvlar, koʼmakchi feʼlli qoʼshilmalar, undov soʼzlar, oʼzbek tili tinish belgilari va boshqa foydali maʼlumotlar kiritganlar. Bu orqali oʼquvchilarga turli kommunikativ vazifalarni hal qilishda zarur til vositalarining toʼliq toʼplamini taqdim etishga harakat qilingan. Har bir mavzuga oʼzbek madaniyatini tarannum etadigan qiziqarli matnlar tanlangan.