Oʼzbek olimlari tomonidan yaratilgan silga qarshi preparat

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo institutida yetakchi ilmiy xodimi Sh.Shomurotov rahbarligidagi bir guruh olimlar silga qarshi “Biomayrin 600 mg” preparatini yaratdilar. Ushbu preparat poligalakturon kislotasi (pektin) va silga qarshi preparatlar – izoniazid, etambutol va rifampitsin asosida olingan.

Oʼzbek olimlari tomonidan yaratilgan mazkur preparatning afzalligi shundaki, u makromolekulyar tabiatga ega boʼlib, tabiiy polimer poligalakturon kislota makromolekulasiga silga qarshi izoniazid, etambutol va rifampitsin kimyoviy bogʼlar vositasida bogʼlangan. Buning natijasida ushbu kasallikka qarshi boshqa preparatlarga nisbatan organizmga nojoʼya taʼsiri bir necha marta kamaygan hamda organizmdagi samarali taʼsir vaqti bir necha bor ortgan. Preparat patogen hujayralarga yoʼnaltirilgan taʼsir koʼrsatadi, silning turli shtammlariga nisbatan yuqori faollikka ega.

Hozirda ushbu “Biomayrin 600 mg” preparati tijoratlashtirishga yoʼnaltirilgan.