O‘zR Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan O‘zR FA Umumiy va noorganik kimyo instituti olimlari yaratgan mahalliy xom-ashyodan import o‘rnini bosuvchi faollashtirilgan ko‘mir olish texnologiyasini tijoratlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Institutning “Kimyoviy texnologiya va sirt faol moddalar” laboratoriyasi mudiri Farhod Yusupov rahbarligida ishlab chiqilgan mazkur texnologiya vazirlik mutaxassislari tomonidan texnik-iqtisodiy tahlil qilinib, biznes reja tuzildi. Vazirlik tomonidan tashkil etilgan “InnoWeek-2019” innovatsion g‘oyalar haftaligida mazkur texnologiyani sanoatga qo‘llash bo‘yicha mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan 350 mln. so‘mlik shartnoma imzolandi.
Turli modifikatsiyadagi faollashtirilgan ko‘mirlar Qashqadaryo viloyati Muborak gazni qayta ishlash zavodida amin eritmalarini tozalashda (MDEA), Olmaliq kon-metallurgiya zavodida sulfidli rudalarni boyitishda, Navoiy kon-metallurgiya zavodida oltin birikmalarini ishqoriy eritish va sorbtsiya usuli bilan ajratib olishda hamda spirtni tozalashda sinovdan o‘tkazilmoqda. Muborak gazni qayta ishlash zavodida olimlarimiz tomonidan yaratilgan faollashtirilgan ko‘mirni sanoatga joriy etish tavsiya etildi. Olmaliq va Navoiy kon-metallurgiya zavodlarida tajriba-sinovlari davom etmoqda.
Bugungi kunda respublikamiz sanoati ehtiyojlari, xususan neft-gaz, kimyo, metallurgiya va oziq-ovqat sanoati uchun yiliga 2000 tonnadan ziyod, 8 mln. AQSh dollari qiymatidagi faollashtirilgan ko‘mir olib kiriladi. Faollashtirilgan ko‘mirni yurtimizda ishlab chiqarish, olimlarimizning ilmiy izlanishlarini sanoatga keng tadbiq etish orqali iqtisodimizni yaxshilash, mahalliy xom-ashyolardan jahon bozorlarida raqobatbardosh bo’lgan mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini bermoqda.