Fanlar akademiyasi Oʼzbekiston tarixi davlat muzeyida 18-may “Xalqaro muzeylar kuni” munosabati bilan “Muzey-tarix koʼzgusi” maʼnaviy-maʼrifiy tadbir va “Tarix sahifalari” koʼrgazmasi tashkil etildi.
Tadbir doirasida Oʼzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi, Toshkent shahar “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markazi hamda Yunusobod tumani 1-son bolalar va oʼsmirlar sport maktabi oʼquvchilarining badiiy chiqishlari, “Sharq” nashriyoti bilan hamkorlikda kitoblar, Respublika “Hunarmandlar” uyushmasi vakillari, K.Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Respublika rassomlik ixtisoslashgan maktabi oʼquvchi va talabalari tomonidan yaratilgan tasviriy sanʼat, kulolchilik va kashtachilik boʼyicha koʼrgazmalar tashkil etildi. Shuningdek, bu yerda barcha tashrif buyuruvchilarga hunarmandchilikning turli sohalari boʼyicha mahorat darslarida ishtirok etish imkoniyati yaratildi.
Oʼzbekistondagi Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi va Oʼzbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi bilan hamkorlikda “Tarix sahifalari” koʼrgazmasi tashkillashtirildi. Koʼrgazmada koʼp millatli Oʼzbekiston xalqining front va front ortida koʼrsatgan jasorati bilan yaqindan tanishish, fashizmga qarshi janglarda fidoyilik koʼrsatgan insonlarning nomlari va jasoratlari namoyish etilgan fotosuratlar namoyish etildi.