OʼzR FА Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti olimlari tomonidan muhandislik – seysmometrik kuzatuv stantsiyasi (MSKS) ishlab chiqildi. Ushbu qurilma individul tok manbasi asosida kechayu-kunduz ishlaydi va zilzilalar vaqtida seysmik kuchlarni binolarga hamda ularning zaminiga taʼsirini qayd etish uchun moʼljallangan. MSKS intensivligi 3 ball va undan yuqori boʼlgan zizilalar vaqtida oʼlchash nuqtalari boʼyicha binolarni hamda zaminlarini tebranishlarini 20 sekund davomida yozib oladi. Qayd qilingan yozuvlar qayta ishlanadi, maʼlumotlar bazasi yaratiladi hamda ulardan seysmik kuchlar taʼsirida bino va inshootlarni deformatsiyalanish - zoʼriqish holatlarini tadqiq qilishda foydalaniladi.
Qurilma turli maqsadlarda bino va inshootlarning seysmik mustahkamligini instrumental-hisoblash orqali baholash, bino va inshootlarning seysmik mustahkamligi masalalarini hisob usullari va matematik modellarini aniqlashtirish va binolarning konstruktiv yechimlarini hisobga olgan holda hisobiy sxemalarini hal qilish maqsadida tadqiqotlarni bajarishga moʼljallangan.
Mazkur qurilmaning oʼziga xos xususiyati shundaki, doimiy rejimda ishlaydi, matematik taʼminotli kompyuter texnologiyasi asosida zilzila vaqtida signallarni yozib oladi, maʼlumotlarni fayllar koʼrinishida oʼziga saqlaydi va signallarni doimiy ravishda tahlil qiladi hamda qayta ishlov beradi.