Mirzo Ulug‘bek ilmiy merosining zamonaviy astronomiya fani va ta’limi ravnaqidagi roli

O‘zR FA Astronomiya instituti tomonidan Jizzax davlat pedagogika universitetida respublika oliy o‘quv yurtlari astronom talabalari va yosh olimlari uchun “Mirzo Ulug‘bek ilmiy merosining zamonaviy astronomiya fani va ta’limi ravnaqidagi roli” nomli seminar-trening o’tkazildi.

  

Unda Muqimiy nomidagi Qo‘qon davlat pedagogika universiteti, Samarqand davlat universiteti, Jizzax davlat pedagogika universiteti, Shahrisabz davlat pedagogika instituti, Axborot texnologiyalari va menejment universiteti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Chirchiq davlat pedagogika universiteti, Navoiy davlat universitetining o‘qituvchilari, yosh olimlari, magistrant va talabalari ishtirok etdilar.

 

Seminar-trening davomida O‘z FA Astronomiya institutining yetakchi mutaxassis olimlari va yosh tadqiqotchilari talabalarga astronomiya fanining qiziqarli yo‘nalishlari, bu sohada olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, erishilayotgan yutuqlar va bugungi kundagi fanning dolzarb muammolari bilan tanishtirdilar, maxsus amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdilar. 

 

Qatnashchilar ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlardan tashqari Astronomiya instituti xodimlari tomonidan tashkillashtirilgan kunduzgi va tungi astronomik kuzatuvlarda ham ishtirok etdilar. Kunduzi Quyosh dog‘lari, tungi astronomik kuzatuv davomida esa ishtirokchilar Astronomiya institutining kichik teleskopi yordamida osmon jismlarini kuzatishga muvaffaq bo‘ldilar. Jumladan, teleskop yordamida Yupiter sayyorasi hamda uning yo‘ldoshlari, Oy va undagi kraterlar va boshqa osmon jismlari kuzatildi. Jonli astronomik kuzatuv bo‘lajak astronomlarda juda katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, seminar-treningda ishtirokchilar o‘zlarining magistrlik dissertatsiyalari hamda bitiruv malakaviy ishlari mavzulari bo‘yicha ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar. Trening savol-javob va muzokaralarga boy tarzda o‘tdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.