“Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” mavzusida ilmiy-amaliy seminar oʼtkazildi

Tarixiy merosni asrab-avaylash, oʼrganish va avlodlardan avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng ustuvor yoʼnalishlaridan biridir.

Oʼzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutida Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʼzbekistonning eng yangi tarixi masalalari boʼyicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markazi bilan hamkorlikda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” mavzusida ilmiy-amaliy seminar oʼtkazildi.

 

Mazkur ilmiy-seminar koʼzlangan maqsad kursantlar qalbida milliy ruh, ona-Vatanga mehr va sadoqat, adolat tuygʼusini har tomonlama kuchaytirish, buyuk ajdodlarimiz, jumladan, Jaloliddin Manguberdi, Аmir Temur, Shohruh Mirzo, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi sarkardalarimizning boy maʼnaviy merosiga munosib avlod qilib tarbiyalashda tarix ilmining ahamiyatini koʼrsatishdir.

Ilmiy-amaliy seminarda Institut professor-oʼqituvchilari, soha mutaxassislari, kursantlar va Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʼzbekistonning eng yangi tarixi masalalari boʼyicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markazning yetuk tarixchi olimlari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida ikki muassasa oʼrtasida imzolangan Hamkorlik memorandumi Institutning professor-oʼqituvchilari bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlarini tayyorlash, Institutning iqtidorli kursantlarini izlab topish, tanlash va ularning ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb etish kabi istiqbolli loyihalar oʼz aksini topganligi bilan ahamiyatlidir.

Darhaqiqat, jahon miqyosida turli qarama-qarshiliklar va ziddiyatlar tobora keskin tus olib borayotgan bugungi tahlikali zamonda hayotning oʼzi talab qilayotgan mezonlar asosida doimo ogoh va hushyor boʼlib yashash, kursantlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash boʼyicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirishda bu ilmiy-amaliy seminar muhim ahamiyat kasb etadi.