Mikrobiologiya institutida yangi laboratoriya tashkil etildi

O’zR FА Mikrobiologiya institutida AllWellLab MChJ bilan hamkorlikda Jahon Islom taraqqiyot banki va Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʼoyalarini qoʼllab-quvvatlash jamgʼarmasi tomonidan ilmiy-tadqiqot loyihaga ajratilgan mablag’larni jalb etgan holda yangi laboratoriya tashkil etildi.

 

Laboratoriyada farmatsevtika, veterinariya, parrandachilik va baliqchilik uchun mikrob preparatlar yaratish, ularni kichik hajmda ishlab chiqarish va amaliyotga tadbiq etish ishlari amalga oshiriladi.

Ishlab chiqarish uchun tayyor boʼlgan biopreparatlardan biri oshqozon va ichak yalligʼlanishining oldini oluvchi va davolovchi “Laktopropolis” dori vositasi. Dunyoda preparatning analogi yo’q boʼlib, ilmiy loyihalar doirasida o’tkazilgan klinik oldi sinovlari uning yuqori samaradorligini koʼrsatgan. Ushbu preparat rasmiy roʼyxatdan o’tganidan keyin ishlab chiqarish va tijoratlashtirishni yoʼlga qoʼyish moʼljallangan.

Kelajakda vitamin hosil qiluvchi probiotik preparatlar, sut mahsulotlarini ishlab chiqarishda ishlatilishga moʼljallangan bir marta qoʼshiladigan achitqilar, veterinariya, parrandachilik, baliqchilikda ishlatiladigan ozuqaga prrobiotik qoʼshimchalar ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

Laboratoriya yangi avlod biopreparatlar ishlab chiqish, yuqori malakali ilmiy va ishlab chiqarish uchun kadrlar tayyorlash hamda farmatsevtika va biologiya yoʼnalishida taʼlim olayotgan bakalavr va magistrlar uchun amaliyot oʼtish uchun xizmat qiladi.