Mavsumiy allergiya – undan xalos bo’lish mumkinmi?

Kundalik turmushimizda turli kimyoviy vositalarning ko‘p qo‘llanilishi, noto‘g‘ri ovqatlanish, ekologiyaning buzilishi kabi omillar allergiyaga sabab bo‘lmoqda. Allergiyaning turlari ko‘p, masalan: teri, oziq-ovqat, nafas yo‘llari, dori va hasharot allergiyasi(insekt) va mavsumiy allergiya ya`ni pollinoz ham shular jumlasidandir.

Pollinoz - o‘simliklar changi sabab bo‘luvchi kasallikdir, bu kasallikka chalinish asosan mart, aprel oylaridan boshlanib, boshoqli, sho‘ra va shuvoq o‘simliklari gullashi davri-noyabr oyi oxirigacha davom etadi. Ayniqsa, mevali daraxtlar gullaganda kuchayadi. Agar vaqtida e’tibor qilinmasa, pollinoz ham keyinchalik surunkali bronxial astma kasalligining kelib chiqishiga sababchi omil bo`lishi mumkun.

Ko‘zda, burunda, organizmning shilliq qavatlari mavjud. Changlar ko‘zga ko‘rinmas bo‘ladi. Juda mayda bo‘lgani uchun changlar ko‘z va burun bo`shlig`ining shilliq qavatlari ustiga yopishib, aksirganda organizmda kuchli reaksiya paydo bo‘ladi. Kimgadir 1- 2 soatda, yana kimgadir esa 24 soat ichida reaksiya berishi mumkin. Shu vaqt o‘tgandan so‘ng uning belgilari paydo bo‘la boshlaydi.

Pollinoz kasalligi yuqorida ta’kidlaganimizdek o‘simlik guli changi bilan bog‘liq xastalik bo‘lgani uchun u asosan allergik  rinit (burun bitishi, oqishi, qichishishi, aksirish), allerik konyuktivit (ko`z yoshlanishi, qichishishi, qum kirib qolgandek hissiyot bo`lishi kabilar) yoki bo`lmasa allergik rinokonyuktivit (ham burunda ham ko`zda yuqoridagi belgilar birgalikda kelishi) ko`rinishida kechadi. Kasallik avj olishini kutib turmasdan uning oldini olish zarur va buning iloji bor.

Profilaktik davo maqsadida ayni bahor mavsumida inson o‘zini changdan himoya qilishi, parhez tutishi, burun bo`shlig`i va tomoqni tez-tez oddiy suv yoki tuzli suvda chayishi, turli zararli odatlar - ichish, chekishdan voz kechishi, vaqti-vaqti bilan allergolog ko`rigiga borishi, asosan qish faslida nazoratdan o`tishi, antigistamin dori vositalari, burun bo`shlig`iga ishlatilinadigan tomchi, purkaluvchi sintetik glyukokortikosteroidlarni va allergiyaga qarshi vaksinani shifokor nazoratida qabul qilish tavsiya qilinadi. Davolash ishlari allergolog nazoratida olib borilsa, bemor butunlay bu kasallikdan tuzaladi.

 

Sherzod Muxtorov,

O’zR FA Immunologiya instituti ilmiy xodimi,

allergolog-immunolog.