2018-yilda imzolangan Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Qirgʼiziston Respublikasi Milliy fanlar akademiyasi oʼrtasida ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish toʼgʼrisidagi Shartnomaga asosan joriy yilning 18-20-sentyabr kunlari Toʼdakoʼlda Markaziy Osiyo davlatlari Milliy fanlar akademiyalari olimlari ishtirokida “Ilm-fan yutuqlari - insoniyat taraqqiyoti xizmatida” nomli xalqaro “Аkademik oʼqishlari” oʼtkazildi.
Unda Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalari yetakchi olimlari, Qirgʼiziston, Tojikiston va Qozogʼiston Milliy fanlar akademiyalaridan 20 ga yaqin olimlar, shuningdek, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” АJ, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Navoiy davlat pedagogika institutining professor-oʼqituvchilari Markaziy Osiyo uchun dolzarb mavzular boʼyicha oʼz maʼruzalari bilan qatnashdilar.
Mazkur tadbirdan koʼzlangan maqsad Markaziy Osiyo davlatlarining yetuk olimlari oʼrtasida ikki va koʼp tamonlama ilmiy, iqtisodiy-ijtimoiy uzoq muddatli, samarali hamda oʼzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, ishtirokchi davlatlarda mavjud innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish va targʼib qilish orqali fan yutuqlarini Markaziy Osiyo davlatlari aholisining faravonligi va doʼstona aloqalarni yanada mustahkamlashga yoʼnaltirishdir.