Margʼilon va Samarqand osmonida koʼringan jism haqida

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda osmonda nomaʼlum jism uchishi aks etgan videomateriallar tarqaldi. Unga koʼra ushbu hodisa Margʼilonda va Samarqandda kuzatilgani aytilmoqda.

 

Mazkur holat boʼyicha Fanlar akademiyasi Аstronomiya instituti kichik ilmiy xodimi Kamoliddin Ergashev quyidagicha maʼlumot berdi:

Аvvalo Margʼilonda va Samarqandda olingan videomateriallardagi jismlarning uchish vaqti bir boʼlsada ularning har ikkisi bir obyektga tegishliligi haqida qatʼiy xulosa chiqara olmaymiz. Sababi Margʼilonda olingan videodagi jism qoʼshaloq va ortidan oʼziga xos ingichka va xira iz qoldirmoqda. Samarqandda olingan video sifati esa yuqoridagi faktlarni tasdiqlash imkonini bermaydi.

Аgar bu obyektlarni ortidagi xira izdan kometa va uning dumi deb tavsiflashga harakat qilinsa, uning videomaterialdagi nisbiy tezligiga koʼra bu mumkin emas. Chunki Kometa atmosferadan tashqarida va ancha uzoqda boʼlganligi sababli bunday katta koʼrinma burchak tezlikda harakatlana olmas edi. Аgar Yerga juda yaqin kometa deb tasavvur qilinsa, bunday kichik oʼlcham bilan u ortidagi dumini oʼz gravitatsion maydonida tutib tura olmas edi.

Videomaterialdagi jismlarning yorqinligi fluktuatsiyalanuchi yoki portlovchan emas, harakati davomida deyarli oʼzgarmas yorqinlikdaligi tufayli bu jismlarni yer atmosferasiga kirib kelgan meteor deb sifatlash ham imkonsiz. Bundan tashqari, uning koʼrinma burchak tezligi meteor uchun juda kichiklik qiladi.

Umuman olganda videomateriallarning sifati va ulardagi dalillar bu obyektlarning tabiati haqida xulosa berishga yetarli emas.