Arxitektura fanlari boʻyicha falsafa doktori, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sanʼatshunoslik instituti “Noyob obyektlar” boʻlimi boʻlim boshligʻi Akmaljon O’lmasovning “Konservatsiya asoslari” monografiyasi chop etildi. Monografiya konservatsiya va restavratsiyaning asosiy tushunchalari, konservatsiya nazariyasi, sohaning Oʻzbekiston va jahon miqyosidagi tadrijiy tarixi, rivojlanish bosqichlari, xalqaro va mahalliy meʼyoriy hujjatlar, qadimgi sanʼat asarlari (devoriy suratlar, loy-ganch haykallar) hamda muzey ashyolari (kulolchilik, tosh, metal, yogʻoch, suyak, qogʻoz va b.)ning taʼmirlash usullari bilan tanishtiradi.
Shuningdek, unda taʼmirlashda qoʻllaniladigan xom-ashyolar, polimerlar va erituvchilarning xususiyatlari, asbob-uskuna va zamonaviy jihozlarga tavsif berilgan. Monografiya sanʼat asarlari va muzey ashyolarini konservatsiya va restavratsiya qilish sohasidagi oliy va oʻrta-maxsus bilim yurtlari, muzeylar va taʼmirlash yoʻnalishidagi mutaxassislar uchun moʻljallangan.