Iqtibos so'zi haqida

Iqtibos — bu biror muallif tomonidan aytilgan fikrdan yoki shu fikr bayon qilingan matndan soʻzma-soʻz olingan parcha. Odatda shaxsiy fikrni tasdiqlash yoki muayyan bir fikrni inkor etish uchun iqtibosdan foydalaniladi.

 

 

Iqtibos doim oʻz oʻrnida qoʻllanishi va aniq boʻlishi lozim:

— oʻz oʻrnida ishlatilgan iqtibos bayon qiluvchining fikrlarini mustahkamlashga va uning ishonchli boʻlishiga xizmat qiladi;

— aniq iqtibos aslicha bayon qilinadi va muallifning fikrlarini hech qanday oʻzgartirishlarsiz toʻgʻri ifoda etadi, yaʼni muallif nima demoqchi boʻlgan boʻlsa, iqtibos olgan ham xuddi shu fikrni ifodalash uchun undan foydalanadi.

Iqtibos olishning ham qoidalari bor. Shaxsiy maqsadlari yoʻlida fikrni atay toʻliq olmaslik, kontekstdan sugʻurib olish, fikrni makon, zamon va vaziyatni inobatga olmagan holda talqin qilish mantiqqa ham, madaniyatga ham toʻgʻri kelmaydi.

Falon kishi falon narsa deganini bilib, uning nima uchun unday deganini bilmay shoshqaloqlik qilish va xulosalar chiqarish yaramaydi. Bu qoida barcha sohalarga birdek amal qiladi.