O‘zR FA Polimerlar kimyosi va fizikasi institutida “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Institut direktori, akademik S.Sh. Rashidova Davlatimiz rahbarining akademiklar, olimlar, yoshlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy ta’lim maskanlari vakillari bilan uchrashuvida belgilangan vazifalar haqida to‘xtalib o‘tdi. U o‘z nutqida kimyo, biologiya, matematika va geologiya sohasidagi fundamental va amaliy tadqiqotlarga katta e’tibor berilayotganligi, olimlar uchun qulay sharoitlar yaratilayotganligi, bugungi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi vakillari bilan uchrashuv misolida ilm-fanning ishlab chiqarish bilan integratsiyasini kuchaytirish zaruriyati haqida gapirdi. Kimyo-biologiya fanlarini rivojlantirishda “O‘zbekipaksanoat” kabi kimyo sanoati uyushmalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi B.K.Sharipov so‘zga chiqib, sanoat tarmoqlarini, shu jumladan, ipakchilikni rivojlantirishda hamkorlikda ish olib borish muhimligi va istiqbolli rejalar haqida gapirdi.
Uchrashuv yakunida FA Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti hamda “O’zbekipaksanoat” uyushmasi hamkorlikda amalga oshiradigan ipakchilik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan aniq rejalar belgilab olindi.