O‘tganlar xotirasini abadiylashtirish, ularni yod etish xalqimizga xos yuksak fazilat hisoblanadi. 9 may – Xotira va qadrlash kuni. Bu sana xalqimizning tinchlik uchun jon fido qilgan farzandlari xotirasini abadiylashtirish, urush yillarida cheksiz sabot va matonat ko‘rsatgan ajdodlarimiz qahramonliklarini ulug‘lash, hozirda ham qatorimizda turib, bizni ruhlantirib, ma’nan qo‘llab-quvvatlayotgan otaxonu onaxonlarimizni qadrlash kunidir.
Bugungi kunda ham tabarruk yoshga yetganiga qaramay, Vatanimiz ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan faxriylarimizga alohida hurmat va ehtirom ko‘rsatish milliy an’analararimizga aylanib qolgan.
Ushbu sana munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi rahbariyati ham ilm-fan rivojiga katta hissa qo‘shgan, o‘sha mash’um yillarda kunni tunga ulab, Vatanimiz tinchligi uchun fidoyilik bilan xizmat qilgan urush va front orti qatnashchilarini bayram bilan qutladilar. Sovg‘a-salomlar ulashdilar.
Og‘ir urush yillarini boshdan kechirgan vatandoshlarimizga boqar ekanmiz, jonajon yurtimizda hukm surayotgan eng ulug‘ ne’mat – tinchlikni asrash, uning qadriga yetish va ko‘z qorachig‘idek asrash kerakligini chuqur his etamiz.
Tilagimiz, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!