Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti “Yuqori sezgirli yarim oʻtkazgichli datchiklar laboratoriyasi”da institut direktori, professor X.K. Olimov, ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari f.-.m.f. boʻyicha PhD B.A. Ergashev, laboratoriya mudiri, akademik R.A. Muminov, texnika fanlari doktori M.N. Tursunov, professor X.O. Sabirov, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti “Nasos stansiyalari va gidroelektr stansiyalari” kafedrasi dotsenti N. Ikramov hamda laboratoriya doktorantlari va stajor-tadqiqotchilari ishtirokida yangi innovatsion texnologiya va ishlanmalari taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Ushbu tadbir laboratoriya mudiri, akademik R.A. Mo'minov hamda muqobil energiya manbalari guruhi rahbari, texnika fanlari doktori M.N. Tursunov rahbarligida muqobil energiya manbalarini rivojlantirishga oid Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasi farmon va qarorlarida iqtisodiyot va ijtimoiy sohada energiya sarfini kamaytirish, zamonaviy tejamkor texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan vazifalar hamda joriy yil “Atrof muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” nomlanishi munosabati bilan tashkil etildi. Laboratoriya olimlari, texnika fanlari doktori M.N. Tursunov hamda professor X.O. Sabirovlar shogirdlari bilan amalga oshirilgan ilmiy-amaliy izlanishlari natijasida respublikaning issiq iqlim sharoitiga moslashtirilgan har xil turdagi fotoelektrik va fotoissiqlik batareyalar va qurilmalarning tajribaviy texnik ishlanmalari yaratildi. Ishlab chiqilgan yangi qurilmalar elektr va issiqlik energiya manbalari bo‘lib, yer sathidan 100 metrgacha chuqurlikda joylashgan suvni chiqarish, aholi punktlaridan uzoqda joylashgan obyektlarni elektr energiya va issiq suv bilan ta’minlash, shoʻr suvlarni toza ichimlik suviga aylantirish, tomchilab sugʻorish, fermer xoʻjaliklarida mahsulotlarni qayta ishlashda elektr va issiqlik energiya bilan uzluksiz ta’minlashga mo‘ljallangan.
Yaratilgan yangi texnologiya va ishlanmalar:
Suvsiz quruq iqlim sharoiti uchun yangi analogi yoʻq sovutish tizimiga ega quvvati 1000 Vatt boʻlgan avtonom mobil fotoelektrik va fotoissiqlik qurilma.
Quyosh nurlanishini issiqlikka aylantirishni ta'minlovchi, minerallashgan suvni ichimlik suviga aylantiruvchi kristalli kremniy tuzilmalari asosidagi yuqori samarali issiqlik kollektori va qurilmasi.
Ekstremal togʻ va togʻoldi hududlarda yil davomida qish va yoz oylarida kerakli quyosh nurlanishi intensivligini yaratish hisobiga kafolatlangan elektr energiya va issiq suv yetkazuvchi avtonom mobil fotoelektrik va fotoissiqlik qurilma.
Qiyaligi 20o gacha boʻlgan hududlarda fotoissiqlik qurilma asosidagi avtonom koʻchma boshqariluvchi tejamkor tomchilab sugʻorish tizimi.