Ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, tahlil markazlari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi tomonidan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda deputatlar, Fanlar akademiyasi hamda Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti mutasaddilari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi hamda Fanlar akademiyasi va Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ushbu memorandumni imzolashdan ko‘zlangan asosiy maqsad — bu sohalarda qonunchilikni takomillashtirish, qonun ijodkorligi jarayonida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, huquqiy madaniyatni oshirish, mamlakat taraqqiyotiga qaratilgan strategiyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda qo‘mita faoliyatiga ilmiy-tadqiqot tashkilotlarini faol jalb etish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.

 

Yig‘ilish davomida hamkorlik doirasida bir qator yo‘nalishlar belgilab olindi. Jumladan, qonun loyihalarini ishlab chiqishda, nazorat-tahlil tadbirlarini o‘tkazish, qonun loyihalarini tartibga solish ta’sirini baholash jarayonida takliflar almashish, qo‘mita tegishli vazirlik, Fanlar akademiyasi hamda ilmiy-tadqiqot instituti yuborgan takliflarni muntazam o‘rganib, tahlil qilib boorish , shuningdek, qonun ijodkorligi sohasida xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish va ilg‘or xorijiy tajribani milliy qonunchilikga implementatsiya qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash va qo‘mitaga taqdim etish kabi muhim masalalarda hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olindi.

Shu bilan birga, o‘zaro manfaatli dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikda konferensiya, seminar-trening, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etish muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlab o‘tildi.