Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish

Joriy yil 16–18-sentyabr kunlari Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan Oʼzbekistonda ilk bora qishloq xoʼjaligi sohasida tijoratlashtirishga tayyor boʼlgan ilmiy ishlanmalar koʼrgazmasida OʼzR FА Mikrobiologiya instituti tuproqning sogʼlomlashishi va oʼsimliklarning hosildorligini oshiruvchi ekologik toza “Yer malhami”, oʼsimliklarning oʼsishi va hosildorligini oshiruvchi “BIST”, chorvachilikda omuxta yem qoʼshimchasi va silos achitqisi sifatida qoʼllaniluvchi “Trixostim”, fungitsidlik xususiyatiga ega boʼlgan, oʼsimliklarning oʼsib-rivojlanishini tezlashtiruvchi “Mikrooʼstirgich”, qishloq xoʼjaligi oʼsimliklarining hosildorligi va tuproq unumdorligini oshirishning yangi texnologiyasi “АZO—UZ”, yem-hashak ekinlarini konservatsiya qilish va tayyorlash uchun “IMBIOKON” biopreparatlari, don va dukkakli ekinlar oʼsishi va rivojlanishini jadallashtiruvchi, kasalliklarini oldini oluvchi “MICROZYME-1”, paxta va yopik urugli ekinlar hosildorligini oshirish va kasalliklariga qarshi kurashish uchun “MICROZYME-2” enzimli organik oʼgit-biostimulyatori, chorvachilik sohasi uchun ixtisoslashgan “Baktovit” probiotik ozuqa qoʼshimchasi bilan,

FА Genomika va bioinformatika markazi "Gʼoʼzaning vilt kasalliklariga chidamli biotexnologik navlarini olish”, "Markerlarga asoslangan seleksiya (MАS) - bu yangi va yuqori sifatli gʼoʼza navlarini yaratishning tezlashtirilgan va samarali teksnologiyasi", "Bugʼdoyda (Triticum aestivum L.) PHY A 1 genining RNA—interferentsiyasi texnologiyasi yordamida xosildorligi yuqori boʼlgan yangi biotexnologik liniyalar yaratish", "Gen-nokaut texnologiyasi yordamida agronomik xususiyatlari yaxshilangan kartoshkaning (Solanum tuberosum L.) yangi biotexnologik navlari" ishlanmalari bilan,

 

FА Bioorganik kimyo instituti “Biosolvent”, “Dag” preparatlari, pomidor, kartoshka va bir qancha mevalar uchun feromon tutqichlari bilan,

FА Navoiy boʼlimi esa bentonit gillaridan foydalanib qobiqlangan chigit urugʼlarini ishlab chiqarish va paxtachilikda joriy qilish, bentonitli suspenziya bilan gʼoʼzani bargidan oziqlantirishga qaratilgan ilmiy-tajriba ishlari, choʼl chorvachilik va oʼsimlikshunoslik seleksion tizimini takomillashtirish, adir yerlarda tok oʼsimligini tomchilatib sugʼorish uslubida yetishtirishning istiqbollari ishlanmalari bilan ishtirok etdi.

Ushbu koʼrgazma oddiy aholi, olim va tadbirkorlar uchun foydali va samarali boʼlib, respublikamizning turli viloyatlari fermer va tomorka xoʼjaliklari boshliqlari bilan uchrashuvlar, buyurtmalar, kelgusi xoʼjalik shartnomalari tuzish uchun dastlabki kelishuvlar olib borildi.