Ilm-fan va taʼlim sohasidagi hamkorlik

OʼzR FА Zoologiya instituti Entomologiya laboratoriyasi xodimlarining Termiz davat universiteti Tabiiy fanlar fakulteti Zoologiya kafedrasiga tashrifi amalga oshirildi.

Tashrif davomida “Oʼzbekiston entomofaunasining xilma-xilligini oʼrganish hamda zamonaviy holatini baholash” mavzusida ilmiy seminar tashkil etildi. Seminarda b.f.d. Gulnora Mirzayeva tomonidan OʼzR FА Zoologiya institutida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, xorijiy aloqalar, OTMlar bilan ilm-fan va taʼlim integratsiyasi borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

TerDU talabalarini Entomologiya sohasiga qiziqishlarini uygʼotish, ilm-fanga yoʼnaltirish yuzasidan targʼibot-tashviqot qilish maqsadida hasharotlarni tabiatdan yigʼish, togʼli hududlarda tarqalgan hasharotlar entomofaunasini oʼrganish, turli yorugʼlik tutqichlaridan foydalangan holda tungi hasharotlarni yigʼish va suvda yashovchi hasharotlarni yigʼish usullari boʼyicha b.f.f.d., (PhD) Dilshod Musaev hamda ilmiy xodim Аskar Аxmedovlar tomonidan master klasslar oʼtkazildi.

 

Shuningdek, iqtidorli magistr va bakalavr talabalarga Xitoy Fanlar akademiyasi tomonidan eʼlon qilingan UCAS va CAS TWAS dasturi bo’yicha seminar treninglar oʼtkazildi.

Seminardan soʼng, Termiz davlat universiteti Tabiiy fanlar fakulteti dekani b.f.d. Аlisher Xurramov, Zoologiya kafedrasi mudiri b.f.n. Xasan Tangirov, kafedra professor oʼqituvchilari, magistr va bakalavr talabalari bilan yoshlarni ilm-fanga yoʼnaltirish, sohada mavjud muammolar va kelajakdagi istiqbolli rejalar yuzasidan davra suhbatlari, uchrashuvlar tashkil etilib, oʼquv va laboratoriya xonalariga tashriflar amalga oshirildi.