Guelf universiteti vakili Fanlar akademiyasida: xalqaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Fanlar akademiyasiga Kanadaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Guelf universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha vitse-prezidenti Benjamin Bredshov tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmonni Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Shavkat Ayupov kutib oldi.

 

Uchrashuv davomida tomonlar ilm-fan va ta’lim sohalarida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Xususan, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, olim va tadqiqotchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, xalqaro grant va loyihalarda birgalikda ishtirok etish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

 

Mehmon Fanlar akademiyasining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, amalga oshirilayotgan fundamental va amaliy loyihalar, shuningdek, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar bilan yaqindan tanishtirildi. Benjamin Bredshov Akademiyada olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar va mavjud ilmiy salohiyatni yuqori baholab, qishloq xo‘jaligi, gen muhandisligi, biotexnologiya hamda farmatsevtika yo‘nalishlarida olib borilayotgan ilmiy izlanishlarga katta qiziqish bildirdi. Shuningdek, Guelf universiteti bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

Shavkat Ayupov o‘z navbatida Fanlar akademiyasi xalqaro hamkorlikni kengaytirishga ochiq ekanini ta’kidlab, bunday uchrashuvlar ilmiy aloqalarni mustahkamlash va tajriba almashish uchun muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Mazkur uchrashuv Fanlar akademiyasi va Guelf universiteti o‘rtasida ilm-fan va ta’lim sohalarida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun muhim qadam bo‘ldi. Tomonlar kelgusida aniq qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali o‘zaro aloqalarni yanada chuqurlashtirishga kelishib oldilar.