Fanlar akademiyasi Tarix instituti va Turkiyaning Pamukqalʼa universiteti oʼrtasida kelishuv bitimi imzolandi

O’zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori Аzamat Ziyo va Turkiyaning Pamukqalʼa universiteti rektori Аhmed Qutlugʼxon oʼrtasida uchrashuv boʼlib oʼtdi.

Uchrashuv davomida ikki tomon oʼrtasida ilmiy aloqalarni yoʼlga qoʼyish va kuchaytirish, qoʼshma ilmiy loyihalar tayyorlash va amalga oshirish, oʼzbek-turk xalqlari tarixini oʼrganish masalalari, birgalikda ilmiy yigʼinlar tashkil etish muhokama qilindi. Shuningdek, bugungi kunda mamlakatimizda tarix fani oldida turgan vazifalardan kelib chiqib, ularning yechimlaridan biri sifatida kadrlar tayyorlash masalasi ekanligiga urgʼu berildi. Bunda ikki tomonlama mutaxassislar va yoshlar almashinuvi dasturini amalga oshirish dolzarb ekanligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, yosh tarixchi olimlar oʼqishlari muddati va mavzular koʼlamini kengaytirish, Institut yoshlarining til bilish darajasini yaxshilash maqsadida turkiyalik mutaxassislarni jalb etishga kelishildi.

Uchrashuv soʼnggida Tarix instituti va Turkiyaning Pamukqalʼa universiteti oʼrtasida kelishuv bitimi imzolandi.