Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi laboratoriyasiga o’quchilar uchun ekskursiya tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi ilmiy-tadqiqot laboratoriyasiga Navoiy shahar Prezident maktabining biologiya yo‘nalishidagi 10-sinf o‘quvchilari hamda o’qituvchilari tashrif buyurdilar.

 

Bo‘lim raisining o‘rinbosari Quvondiq Nurboyev mehmonlarga Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi tashkil etilishi, ilmiy-tadqiqot yo’nalishlari haqida ma’lumot berdi.

Tashrif davomida o‘quvchilar bevosita laboratoriyalarda Bo‘lim ishlanmalari bilan tanishdilar. Xususan, ular Toshqazgan konidagi grafit rudasini flotasion boyitish jarayonini ko‘rib, ishlab chiqarish uchun bironta daraxt nobut bo‘lmagan tosh qog‘ozning afzalliklarini baholadilar. Maktab o‘quvchilarida issiqxonalarda ekin ekish uchun vermikulit stakanlari, kvars qumini boyitish uchun pulsasion kolonna va yengil pavlovniya taxtalari namunalari qiziqish o‘yg‘otdi.

O‘quvchilarining aytishicha, ular ekskursiyadan mamnun bo‘lishdi. Q.Nurboyev ularni oldindan kelishilgan holda laboratoriyaga kelib, Bo‘limda faoliyat yuritayotgan Ixtirochilar va rasionalizatorlar klubi faoliyatida faol ishtirok etishni taklif qildi.