Bugun, 23-may kuni FA umumiy yig’ilishida Fanlar akademiyasi birinchi vitse-prezidenti - bosh ilmiy kotibi lavozimiga akademik Shomansur Sagdullayev saylandi.
Shuningdek, yig’ilishda Fanlar akademiyasining yangilangan Ustavi ham ma’qullandi.
Ma’lumot o’rnida:
Akademik Sh.Sagdullayev Oʼsimliklardan dorivor moddalar olish texnologiyasini yaratish va ishlab chiqarishga tadbiq etish sohasida yirik texnolog-olim.
Olimning ilmiy faoliyati dorivor oʼsimliklardagi alkaloidlar, izoprenoidlar kabi biologik faollikka ega bir qator gidrofil va lipofil xususiyatli moddalarni ekstraktsiyalash hamda fraktsiyalash, oʼsimlik hom ashyosini kompleks qayta ishlashning texnologik sxemalarini yaratish, mavjud texnologiyalarni takomillashtirish kabi maqsadlarga yoʼnaltirilgan tadqiqotlardan tashkil topgan.
Uning rahbarligida Аllapinin dori vositasini ishlatish uchun Rossiya patenti olingan va “Аllapinin” tovar belgisi Rossiya Federatsiyasida qayd etilgan, ushbu dori bilan Respublika ehtiyojini qondirishdan tashqari uni Rossiyaga eksport qilish yoʼlga qoʼyilgan.
U 300 dan ortiq ilmiy maqolalar, 5 ta monografiya, 57 ta patent, 20 ta texnologik, tajriba-texnologik, sanoat miqyosidagi reglamentlar, 35 dan ortiq farmakopeya va vaqtinchalik farmakopeyalar muallifi.
Uning rahbarligida 15 dan ortiq PhD va fan doktorlari tayyorlangan.
Uning tashabbusi bilan Oʼzbekiston Respublikasida birinchi marta oʼsimliklardan biologik faol moddalar ajratib olishning yangi usuli-superkritik va ulьtratovush yordamida ekstraktsiya qilishning zamonaviy, yuqori samarador texnologiyalari joriy etildi, yangi texnologik sxemalar asosida tibbiyot amaliyotiga 20 dan ortiq dorivor fitopreparatlar, biologik faol qoʼshimchalar tadbiq etildi.
“Shuhrat” medali, Oʼzbekiston Respublikasi fan va texnika sohasida davlat mukofoti, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni va “Oʼzbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni bilan mukofotlangan.