Gʻani Orifxonovich Mavlonov (1910.15.1 — Toshkent — 1988.12.3) — geolog olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1960), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan va texnika arbobi (1970). Geologiya va mineralogiya fanlari doktori (1955), professor (1957). Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. Oʻrta Osiyo industrial institutini tugatgan (1935). 1940—41 yillarda shu institutda dekani bo’lgan.Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Geologiya institutida ilmiy xodim (1946-49), laboratoriya mudiri (1949-55) va direktor (1956—60). Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti direktori (1960—66). 1966-yildan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti direktori.
Ilmiy ishlari les va lyossimon jinslarning genetik tiplari, muhandislik geologik xususiyatlari, fizik-mexanik xossalariga bagʻishlangan. G’ani Mavlonov Oʻrta Osiyoda tarqalgan toʻrtlamchi davr yotqiziqlarini yoshiga qarab toʻrt davrga boʻldi va ularning tarqalgan maydonlarini xaritaga tushirdi (1949). Toshkent zilzilasidan keyin seysmologiyaga oid tadqiqotlar bilan shugʻullangan. Jumladan, Toshkent shahri va shahar atrofini seysmik mikrorayonlashtirish xaritasini, 1978-yil "Oʻzbekistonni seysmik rayonlashtirish" xaritasini yangi tahrirdagi variantini tuzish ishlariga rahbarlik qilgan. Zilzilalar jarayonida yer osti suvlari va gaz tarkiblarining oʻzgarishi haqida ilmiy kashfiyot muallifi. Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1981). G’ani Mavlonov nomiga Toshkent shahrida ko’cha, Seysmologiya instituti qoʻyilgan, shu institutda G’ani Orifxonovichga bagʻishlangan muzey (1990) mavjud.