O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti (FTI) direktori, professor X. Olimov A. Kodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika institutiga (DGPI) tashrif buyurdi. Ushbu tadbir O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-martdagi “Fizika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-5032-sonli qaroriga muvofiq tashkil etildi, bu fan va ta'limni birlashtirish sohasidagi bir qator vazifalarni amalga oshirishni ta'minlaydi.
X.Olimov mazkur Institutning fizika-matematika fakultetida fizika va astronomiya bakalavriat taʼlim yoʼnalishi boʼyicha yakuniy davlat attestatsiyasida hayʼat raisi sifatida qatnashdi. Shuningdek, fizika taʼlim yoʼnalishi boʼyicha tahsil olayotgan 1 va 3 kurs talabalariga “Hozirgi zamon fizikasining dolzarb muammolari” mavzusida seminar-maʼruza oʼtkazdi.
Аyniqsa, Olamning yaratilishiga olib kelgan “Katta portlashdan” bir necha mikrosekunddan keyin vujudga kelgan kvark-glyuon plazma holatidagi oʼta issiq va zich materiya, uning temperaturasi Quyosh markazidagi temperaturadan taxminan yuz ming barobar ortiq boʼlishi toʼgʼrisida maʼruza paytida berilgan maʼlumot talabalarda katta qiziqish uygʼotdi. Katta adron kollayderidagi (SERN, Shveytsariya) rekord darajasidagi yuqori energiyali ogʼir qoʼrgʼoshin ionlari toʼqnashuvlarida hosil boʼlgan oʼta zich va issiq materiya, shu jumladan, kvark-glyuon plazma, xossalarini batafsil oʼrganish hamda mukammal kuchli oʼzaro taʼsir nazariyasini yaratish hozirgi zamon fizikasining eng dolzarb muammolari qatorida boʼlganligi maʼruzada taʼkidlab oʼtildi.
Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti hamda Jizzax davlat pedagogika instituti oʼrtasidagi yadro va elementar zarrachalar fizikasi, jumladan, yuqori energiyalar fizikasi sohasidagi qoʼshma ilmiy tadqiqotlar hamda bakalavr va magistrlarni tayyorlash boʼyicha yaqin hamkorlik 2003-yildan boshlangan boʼlib, hozirgi kungacha muvaffaqiyatli davom etmoqda. Fanlar akademiyasi ilmiy tadqiqot instituti hamda oliy taʼlim muassasasi ushbu sermahsul hamkorligi natijasida yuqori energiyalar fizikasi sohasida 50dan ortiq qoʼshma ilmiy maqolalar va tezislar chop etildi, JDPIning fizika yoʼnalishidagi 30dan ortiq bakalavr hamda magistrlik dissertatsiyalariga muvaffaqiyatli ilmiy rahbarlik qilindi.