Choʼkichlab ishlangan bir oʼrkachli tuya tasviri

OʼzR FА Milliy arxeologiya markazining bir guruh ilmiy xodimlaridan iborat ekspeditsiya Surxondaryo viloyati Sherobod tumani Gʼoz va Qattiq-Qamish qishloqlari atrofidagi Oqtosh togʼlarida arxeologik qidiruv-qazuv ishlarini olib bordilar.

Ekspeditsiya chog’ida 1970-yillarda Oʼ.I. Islomov tomonidan oʼrganilgan Qattiq-Qamish 1,2 va Gʼoz 1 toshga ishlov berish ustaxonalari hududlarida tadqiqotlar oʼtkazildi. Oʼ.I.Islomov oʼz vaqtida taʼkidlagan kremniylashgan slanets konlari aniqlandi. Biroq oʼtgan yarim asrdan ziyodroq vaqt mobaynida hududlardagi ishlov berilgan tosh buyumlar tabiiy taʼsirlar natijasida aniqlab bo’lmaydigan darajada deflyatsion oʼzgarishlarga uchragan, shuning uchun ekspeditsiya belgilangan hududlarda arxeologik tadqiqotlar oʼtkazishni maqsadga muvofiq emas topdi.

Soʼngra ekspeditsiya Gʼoz qishlogʼi atrofidagi Oqtosh togʼi hududida qidiruv ishlarini davom ettirdi. Natijada hududdan bir dona choʼkichlab ishlangan dromedar tuyasining tasviri topildi. Suratning hajmi 75x90 sm. Surat tekis yuzali ohaktosh qoyaga tushirilgan va quyoshda kuygan mogʼor bilan qoplangan. Hajmiga koʼra rasmda yosh tuya (boʼtaloq) aks ettirilgan.

 

Shuningdek, ekspeditsiya ushbu hudud boʼyicha etnografik va geografik tushunchalarini oshirish maqsadida mahalliy aholi orasida surishtiruv ishlarini olib bordi. Natijada hududdagi tosh konlarining joylashgan oʼrni, qoyatosh rasmlardan tashqari mahalliy aholi vakillaridan birining xonadonida qadimgi otning bosh chanogʼi toʼliq saqlanayotganligi haqida xabar topdi va uni borib koʼrdi. Ushbu otning bosh chanogʼi saqlanish darajasi va qadimgi tuproq yotqiziqlaridan topilganligiga koʼra bir necha million yillar oldingi ekanligi taxmin qilinmoqda.

Ushbu topilma paleoantologiya sohasi mutaxassislari orasida katta ilmiy qiziqish uygʼotishi mumkin.