O‘zbekistonda muflon yoki yovvoyi qo‘yning kenja turi Buxoro qo‘yi (tojik olqari) faqat janubiy tog‘lardagina uchraydi. Afsuski, keyingi yillarda u saqlanib qolgan hududlar qisqarib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti xodimlari Surxondaryo viloyatida bo‘lib, O‘zbekiston Qizil kitobiga (2009) “butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan, lokal tarqalgan” va Tabiat va tabiiy resurslarni muhofaza qilish Xalqaro ittifoqi qizil ro‘yxatiga “zaif” maqomlari bilan kiritilgan Buxoro qo‘yining hozirgi holatini tavsiflovchi yangi ma’lumotlar to‘pladi.
Tadqiqot natijalari muhofazaga olinmagan hududlarda Buxoro qo‘yi populyatsiyasining soni yildan-yilga kamayib borayotganligini, yashash joylarining digradatsiyasini hisobga olib, tabiatda noyob hayvonlarni saqlab qolish bo‘yicha amaliy tadbirlar tayyorlashda foydalaniladi.