O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti Abu Rayhon Beruniy nomi bilan atalgan bo‘lib, allomaning asarlari tarjimalar va nashrlar orqali izchil o‘rganib kelinmoqda. Zamonaviy talablarga mos ravishda Institutda Beruniy merosini raqamlashtirish va jahon ilmiy jamoatchiligi uchun ochiq elektron dasturini yaratish bo‘yicha amaliy loyiha amalga oshirildi.
Loyiha doirasida Buyuk Britaniya, Germaniya, Niderlandiya, Turkiya, Fransiya, Eron va Hindiston kabi mamlakatlarda saqlanayotgan qo‘lyozmalarning elektron nusxalari to‘planib, ularning ingliz tilidagi ilmiy tavsiflari bilan birga http://heritageof.beruni.uz/ saytiga joylashtirildi.

.jpg)
Portal 43 ta asarga oid 172 qo‘lyozmaning 12 bandlik ilmiy tasnifini, shuningdek Beruniy hayoti va sayt haqidagi maʼlumotlarni o‘z ichiga oladi.
Shu asosda Institut qo‘lyozmalar fondida maxsus raqamli Beruniy kolleksiyasi shakllantirildi. Kelgusida Rossiya va arab mamlakatlarida saqlanayotgan qo‘lyozmalarni ham qamrab olish rejalashtirilgan.