Atoqli fizik olim, akademik Sodiq Azimov tavalludining 110 yilligi munosabati bilan yodgorlik lavhasi ochildi

Bugun, 3-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida atoqli fizik olim, akademik, yadro fizikasi sohasining yirik vakili Azimov Sodiq Azimovich tavalludining 110 yilligi munosabati bilan uning xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik lavhasining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi rahbariyati, Yadro fizikasi instituti olimlari, akademikning yaqinlari, shogirdlari, hamkasblari, yosh tadqiqotchilar ishtirok etdilar.

Tantanali marosimni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Shavkat Ayupov ochib berdi va akademik S.A. Azimovning ilm-fanga qo‘shgan ulkan hissasi, yadro fizikasi rivojidagi xizmatlarini alohida ta’kidlab o‘tdi. So‘zga chiqqanlar olimning hayoti, ilmiy faoliyati, shogirdlarga bo‘lgan e’tibori va fidokorligi haqida iliq xotiralar bilan o‘rtoqlashdilar.

  

Marosim davomida Institut binosining old qismiga o‘rnatilgan yodgorlik lavhasi tantanali ravishda ochildi. Lavhada akademik Sodiq Azimovning portreti va uning qisqacha ma'lumot aks ettirilgan. Mazkur yodgorlik lavhasi akademikning boy ilmiy merosi, uning yadro fizikasi, o‘zbek ilm-fani rivojiga qo‘shgan ulkan hissasiga hurmat ramzi hamda yangi avlod olimlari uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Ma’lumot o‘rnida: akademik Sodiq Azimov oʻzi ishlab chiqqan usul yordamida kosmik nurlar tarkibida mezonlarga daxlsiz elektron va fotonlar mavjudligini isbotlagan. Pomir togʻi tepasidagi stansiyada (dengiz sathidan 3900 m balandligi) oʻz xodimlari bilan birgalikda kosmik nurlar va yadrolarning oʻzaro taʼsirini oʻrganish borasida olib borgan ilmiy izlanishlari elektron-yadro oqimlarini kashf etish imkonini bergan. Olim oʻta yuqori energiyali (1012–1013 ev) yadro jarayonlari oʻrganiladigan togʻ stansiyasi qurilishini tashkil etgan.
S.Azimov rahbarligida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida quyosh nuri energiyasidan foydalanish usuli asosida oʻta sof yarimoʻtkazgich materiallar olishning yangi texnologiyasi ishlab chiqilgan hamda 1987-yilda Parkent tumanida 1 megavatt quvvatga ega konsentratori bor noyob quyosh pechi barpo etilgan. Akademik yadro fizikasi, yuqori energiyalar fizikasi va yuqori temperaturali geliomaterialshunoslik ilmiy maktablariga asos solgan.