Amerika Qoʻshma Shtatlarining Toshkentdagi elchixonasi tomonidan oʻtkazilayotgan AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo davlatlaridagi elchixonalari xodimlari uchun atrof-muhit, fan, texnologiyalar va sogʻliqni saqlash sohalariga bagʻishlangan mintaqaviy konferensiya ishtirokchilari joriy yilning 15-mart kuni OʻzR FA Materialshunoslik institutiga “Katta Quyosh Qurilmasi” noyob ilmiy obyektiga tashrif buyurishdi.
Uchrashuvda Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Sirojiddin Mirzayev, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Shahlo Turdiqulova ishtirok etishdi.
Materialshunoslik instituti direktori Odilxo’ja Parpiyev materialshunoslik sohasidagi erishilgan natijalar, vodorod energiyasi, kam karbonli texnologiyalar va yangi materiallar sintezi boʻyicha olib borilayotgan tadqiqotlar toʻgʻrisida taqdimot oʻtkazdi.
Mehmonlar, Katta Quyosh Qurilmasining texnologik imkoniyatlari, yashil vodorod olish texnologiyalari, keramik nanofaol qoʻshimchali plenka, mujassamlashgan quyosh nurlaishida monokristal va boshqa materiallar sintezi jarayoni bilan tanishdilar.
Tanishuvdan soʻng ilmiy-texnikaviy hamkorlik istiqbollari toʻgʻrisida munozaralar oʻtkazildi.
Materialshunoslik instituti AQSHning Qayta tiklanadigan energiya milliy laboratoriyasi (NRL) avtomatlashgan quyoshni kuzatuv tizimini takomillashtirish, Sandia National Laboratoriyes kompaniyasi bilan ilmiy-texnikaviy hamkorlik oʻrnatish, AQSH universitetlarida yosh olimlar uchun ilmiy stajirovkalar oʻtkazishga koʻmaklashish masalalarini koʻtardi.
AQSH delegatsiyasi Milliy ilm-fan jamgʻarmasi (National Science Foundation) hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, qoʻshma loyihalar tanlovini tashkil etish, AQSHda faoliyat yuritayotgan oʻzbek olimlari salohiyatidan foydalanishni yoʻlga qoʻyishni taklif qildilar.