“Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi” kitob-albomi chop etildi

  

 

 

 

 

“O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, ommalashtirish va nashr etish Butunjahon jamiyati” tomonidan  “O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi renessans asosi” mavzusidagi 7-xalqaro kongress Samarqand shahrida 6-8 noyabr kunlari bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning 140 dan ortiq mamlakatidan kelgan olimlar ishtirok etishdi. Kongress doirasida “Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi” kitob-albomining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Albom muzey faoliyatidan kelib chiqqan holda to‘rt bo‘limdan iborat: Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi allomalarning nodir qo‘lyozmalari joy olgan “Nodir qo‘lyozma  va toshbosma nashrlar fondi”, qadimgi qo‘lyozma asarlarga ishlangan mintayuralar aks etgan “Minatyurali qo‘lyozmalar”, o‘zida 60.000 ziyod arxiv hujjatlarini jamlagan “Mamlakat asl ziyolilarining bebaho xazinasi” hamda Chingiz Axmarov, Ne`mat Qo‘ziboyev,  Usto Mo‘min (A.Nikolayev), Rahim Ahmedov, Javlon Umarbekov, Bahodir Jalolov, Abdulhaq Abdullayev, Vladimir Kaydanov, Boris Plestinskiy, Malik Nabiyev, Lutfulla Abdullayev, Temur Sa'dullayev, Aleksandr Perov, Alisher Aliqulov,Viktor Gan, Valentin Fadeyev, Aleksadr Petrov, Axmad Shaymurodov kabi rassom va haykaltaroshlarning san'at namunalari joy olgan “O‘zbekiston tasviriy san'ati muzey to‘plamlarida”  bo‘limidan tashkil topgan.

Mazkur kitob-albom O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat adabiyot muzeyidagi nodir manba va san'at asarlar, eskponatlar haqida qimmatli ma'lumotlarni beradi. U Fanlar akademiyasning 80 yilligi oldidan o‘ziga xos sovg‘a bo‘ldi, deyish mumkin.

Fursatdan foydalanib muzey jamoasi “O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, ommalashtirish va nashr etish Butunjahon jamiyati” rasi Firdavs Abduholiqov va u rahbarlik qilayotgan jamiyatga, ma'naviy hayotimizda ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan loyiha ijodkorlariga o‘z minnatdorchiligini bildiradi.