O'zR FA Matematika instituti direktori, akademik Shavkat Ayupov boshchiligidagi bir guruh olimlar tomonidan “Algebra va sonlar nazariyasi” nomli o'quv qo'llanma nashr etildi.
Algebra va sonlar nazariyasi kursi bakalavriatning Matematika ta'lim yo'nalishi dastlabki kurslarida o'qitiladigan asosiy fanlardan biri hisoblanadi. Algebra va sonlar nazariyasi kursi chiziqli algebra, gruppalar va halqalar nazariyasi hamda sonlar nazariyasi bo'limlarini o'z ichiga oladi. Ushbu o'quv qo'llanma kursning chiziqli algebra, bir o'zgaruvchili ko'phadlar nazariyasi va sonlar nazariyasi bo'limlarini qamrab olgan.
Ma'lumki, hozirgi kunda talabalarga zamonaviy fanlardan bilim berish bilan bir qatorda fundamental fanlarni yangi pedagogik metod va texnologiyalar asosida o'qitishga katta e'tibor qaratilmoqda. Buning natijasida o'quv reja va fan dasturlariga bir qancha o'zgartirishlar kiritildi. O'qitiladigan fanlarning dolzarbligi va mazmuniga hamda talabalarning mustaqil ta'lim olishlariga alohida urg'u berilmoqda.
Ushbu qo'llanmadan “Amaliy matematika va informatika”, “Mexanika” hamda boshqa texnik yo'nalishlar talabalari “Chiziqli algebra va analitik geometriya” kursini o'rganishda ham foydalanishlari mumkin.