Akademiklar Namangandagi elektr dvigatel va suv nasosi ishlab chiqaruvchi korxona faoliyati bilan tanishdi

 

 

 

  

 

 

 

Fanlar akademiyasi rahbaryati, akademiklar Namangan shahrida bo’lib o’tgan Kongress doirasida Namangan tumanidagi “Nam Motor Servis” korxonasi faoliyati bilan tanishdi. 
To‘rt gektardan ortiq hududda joylashgan ushbu investitsion loyihaning dastlabki bosqichi 2021-yilda ishga tushirilgan. Xitoydan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatildi. Natijada yiliga o‘n ming dona elektr dvigatel, ikki ming dona suv nasosi ishlab chiqarish quvvati yaratildi. Yuz kishi ish bilan taʼminlandi.
Korxona mahsulotlari energiya tejamkorlik klassining “IE2” darajasida bo‘lib, xalqaro standartlarga javob beradi. Ular mamlakatdagi kon-metallurgiya kombinatlari, suv xo‘jaligi hamda Markaziy Osiyo davlatlariga yetkazib berilmoqda. Yana bir muhim jihati, elektr dvigatellar ishlab chiqarish 60, suv nasoslari 100 foiz mahalliylashtirilgan. Olimlarimizga korxonaning istiqboldagi rejalari, navbatdagi bosqichlar haqida maʼlumot berildi. Xususan, bu yerda 2,2 ming tonna emallangan sim, 6 ming dona elektr dvigatel, 4 ming dona katta hajmdagi suv nasosi ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan. Bu qo‘shimcha 500 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari, degani. Akademiklarimiz ishlab chiqaruvchilarga sohada bugun yangi bo‘lgan, dunyo olimlari tomonidan yaratilayotgan yangi loyihalar haqida fikrlarini aytishdi. Ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish uchun o‘z maslahatlarini berishdi.