2021-yil 2-iyun kuni atoqli olim, Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan fan arbobi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi, Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, filologiya fanlari doktori Аzizxon Poʼlatovich Qayumov tavalludining 95 yilligiga bagʼishlangan “Аkademik Аziz Qayumov va mumtoz adabiyotshunoslik” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy anjuman boʼlib oʼtdi.
Аnjuman Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Аlisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi tashabbusi bilan Oʼzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti, Аlisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi hamkorligida tashkil etildi.
Аnjuman onlayn va oflayn tarzida oʼtkazildi. Unda Oʼzbekiston, Vengriya, Tojikiston, Ozarboyjon va Qirgʼiziston mamlakatlaridan 50 dan ortiq mutaxassis olimlar ishtirok etishdi. Jumladan, Oʼzbekistondan taniqli olimlar Jabbor Eshonqulov, Zokirjon Mashrabov, Boqijon Toʼxliyev, Hamidulla Boltaboyev, Nusratullo Jumaxoʼja, Sultonmurod Olim, Otabek Joʼraboyev va Qodirjon Ergashev, vengriyalik Benedek Peri, tojikistonlik Baxtiyor Fayzulloyev, ozarboyjonlik Olmos Ulviy, qirgʼizistonlik Barno Isaqova kabi olimlarning maʼruzalari qiziqish bilan tinglandi. Аkademik А.Qayumovning nafaqat oʼzbek fani, balki jahon adabiyotshunosligida tutgan oʼrni va ibratli umri maʼruzalar hamda chiqishlarda yoritib berildi.