2021-yildagi muhim vazifalar belgilab olindi

Barchamizga ma’lumki, 2020-yil 29-dekabr kuni Davlatimiz Rahbari Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaat yo‘lladi. Ushbu Murojaatnomada 2021-yildagi ustuvor yo‘nalishlar, bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Ma’lumki, Murojaatnomada Davlatimiz Rahbari tomonidan 2021-yilda fizika va chet tillarini o‘rganish ustuvor yo‘nalish etib belgilash taklif qilindi. Shu maqsadda bu yilda ta’limning barcha bo‘g‘inlarida ushbu fanlarni o‘qitish sifatini tubdan oshirish, ixtisoslashgan maktablar ochish, malakali pedagoglarni jalb etish kabi tizimli ishlar amalga oshirilishi belgilandi.

Shu bilan bir qatorda, fizika bo‘yicha Ahmad Farg‘oniy nomidagi xalqaro fan olimpiadasini tashkil etish, shuningdek, fizika yo‘nalishida ilmiy izlanishlar ko‘lami va sifatini oshirish, yosh olimlarga zarur shart-sharoitlarni yaratish uchun qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.

Shu munosabat bilan joriy yil 18-yanvar kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Prezidiumi binosida Bosh vazir maslahatchisi O.Umarov raisligida Murojaatnomada ko‘zda tutilgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Vazirlar Mahkamasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi vakillari, FA rahbariyati va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari ishtirok etdi. Yig‘ilishda ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan fizika fanini rivojlantirish bo‘yicha qator takliflar bildirildi va muhokama qilindi. Yig‘ilish so‘nggida bu yo‘nalishda Fanlar akademiyasi tomonidan amalga oshiriladigan asosiy vazifalar belgilab olindi.