So‘nggi ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Turk xoqonligi davrida (milodiy VI–VIII asrlar) Choch vohasi hududida diniy qarashlar juda xilma-xil va rang-barang bo‘lgan. Bu davrda Zardushtiylik dini keng tarqalgan bo‘lib, ayniqsa dafn marosimlarida uning an’analari yaqqol sezilgan. Choch vohasining asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan hozirgi Toshkent viloyatining ko‘plab hududlarida topilgan arxeologik topilmalar marhumlarni dafn qilishda Zardushtiylik mafkurasining muhim o‘rin tutganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, shomonlik, animizm, totemizm kabi ko‘chmanchi turklar e’tiqodlarining ayrim jihatlari ham mahalliy an’analar bilan uyg‘unlashgan. Ayniqsa ajdodlar ruhi, tabiat sirlari va marhum bilan muloqot kabi tushunchalar keng tarqalgani ma’lum.
Mazkur yo‘nalishda tadqiqot olib borayotgan O‘zR FA Milliy arxeologiya markazi ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari R.Murodaliyev va Anqara Yildirim Beyazit universiteti, gumanitar va ijtimoiy fanlar fakulteti doktori Tuba Tombuloğluning hamkorlikdagi “Turk xoqonligi davrida Choch vohasi ko‘chmanchilarining diniy qarashlari” nomli ilmiy maqolasi Turkiyanining nufuzli "Türk Kültürü ve Hacı Bektaş Veli Araştırma Dergisi" jurnalida nashr qilindi (https://dergipark.org.tr/tr/pub/tkhcbva/issue/92550/1582773).
Ot – muqaddas timsol (mi)?
Eng qiziqarlisi, bu davrda marhumlarni ot bilan birga dafn qilish an’anasi keng tarqalgan. Qadimgi turklar otni nafaqat hayotda, balki o‘limdan keyin ham insonning yo‘ldoshi deb hisoblashgan. Ular otni so‘zlasha oladigan, ruhi bor, hattoki uchuvchi mavjudot sifatida tasavvur qilishgan.
Vaqt o‘tishi bilan bu e’tiqodlar o‘zgarib borgan, ammo ot totemi bilan bog‘liq marosimlar uzoq vaqtgacha davom etgan. Farg‘ona vodiysidagi qipchoqlar orasida ham bu e’tiqod saqlanib qolgan. Boy insonlar vafot etganida, ot atrofida aylanib yurish, marhumning kiyimlarini otga tashlash, uning xotirasini tilga olish kabi marosimlar o‘tkazilgan.
Ushbu ilmiy maqola nafaqat tarixiy haqiqatlarni ochib beradi, balki bizning zamonaviy an’analarimizda ham ildizi bor bo‘lgan qadimiy e’tiqodlar haqida yangicha tasavvur hosil qiladi.