Yuqori molekulyar birikmalar kimyosi sohasida yirik olim, Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Аsqarov Mirxodji 89 yoshida vafot etdi.
M. Аsqarov 1931-yil 30-aprelda Toshkent shahrida tugʼildi. 1953-yili Moskva texnologik institutini tugatib, ushbu institut aspiranturasida tahsil oldi. 1957-yilda nomzodlik, 1967-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2000-yilda Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzosi etib saylandi.
Isteʼdodli olim qariyb 65 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Toshkent politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti) katta oʼqituvchisi, Fanlar akademiyasi Polimerlar kimyosi (hozirgi Polimerlar kimyosi va fizikasi) instituti laboratoriya mudiri, direktori, Kimyo instituti laboratoriya mudiri, direktori, Toshkent toʼqimachilik va yengil sanoat instituti kafedrasi mudiri, professori kabi lavozimlarda samarali mehnat qildi, xalqimiz va Vatanimizga sidqidildan xizmat qilib, mamlakatimizda ilm-fan va taʼlim sohalarini rivojlantirish, kimyo sohasida yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga munosib hissa qoʼshdi.
Zahmatkash olimning ilmiy ishlanma va tadqiqotlari respublikamiz kimyo sanoati sohasida keng qoʼllanib kelinmoqda. Uning mazkur sohadagi ilmiy ishlanmalari iqtisodiyotimiz tarmoqlari rivojida muhim ahamiyatga ega.
Olimning yuqori molekulyar birikmalar kimyosi sohasining nazariy va amaliy masalalariga bagʼishlangan 600 dan ziyod ilmiy maqolalari, 15 yaqin kitob va monografiyalari, 150 dan ortiq patent va mualliflik guvohnomalari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislariga yaxshi maʼlum.
Jonkuyar ustoz sifatida koʼplab yoshlarga saboq bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida oʼnlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.
Yirik olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Mirxodji Аsqarovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.