Joriy yil 28-yanvar kuni O‘zR FA Sharqshunoslik institutida FA prezidenti, akademik B.S.Yuldashev bilan yosh olimlar o‘rtasida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda FAning Navoiy bo‘limi, Xorazm Ma’mun akademiyasi hamda ilmiy-tadqiqot muassasalaridan 120 nafar yosh tadqiqotchilar ishtirok etishdi. Uchrashuvda akademik B.S.Yuldashev Fanlar akademiyasi tizimida olib borilayotgan islohotlar haqida gapirar ekan, ilmsiz kelajak yo‘qligi, bilimli kishi har joyda va hamma vaqt ulug‘lanishini, ilm-fanni rivojlantirishda yoshlarning o‘rni alohida ekanligini ta’kidlab o‘tdi. “O‘zbekiston ilm-fanini rivojlantirishda, dunyoga tanitishda, albatta, siz kabi yoshlarning o‘rni bo‘lishi shart. Buning uchun esa har bir yosh olim o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lishi, chuqur bilim olishi kerak” - dedi FA prezidenti B.S.Yuldashev.
Bu kabi masalalar, xususan, yoshlarga oid davlat siyosati, Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham o‘z aksini topgan. Murojaatnomada yoshlarning bilim olishlari, har tomonlama yetuk bo‘lib tarbiya topishlari uchun qulay sharoitlarni yaratish borasidagi chora-tadbirlarga alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Ochiq muloqotda yosh olimlarni qiziqtirayotgan uy-joy bilan ta’minlash, laboratoriya jihozlarini yangilash, chet ellarda ilmiy ishlarning natijalari bo‘yicha maqolalar chop etish kabi masalalar yuzasidan savollar berildi va ular atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, ilmiy izlanishlarning samaradorligini oshirish va ularning natijalarini tijoratlashtirish borasida ham qizg’in munozara bo‘lib o‘tdi.