Madaniylashtirilgan istiqbolli oʼsimliklardan tukli erva, dorivor tirnoqgul, Turkiston arslonquyrugʼi, dagʼal dalachoy va kiyik oʼti kabi dorivor oʼsimliklar Xorazm Maʼmun akademiyasi eksperimental bazasi sharoitida ekilib, ularning morfo-fiziologik va biokimyoviy xususiyatlari oʼrganildi va ular asosida yangi biologik faol qoʼshimchalar ishlab chiqildi.
Oʼtkazilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida 3 ta turdagi dori preparatlarining namuna variantlari (“Xiva” balzami, “Maʼmunshox” va “Tuz va tosh haydovchi” fitochoylari) ishlab chiqildi. Ushbu dori vositalari profilaktik preparat sifatida tavsiya qilinib, oʼzining tarkibida Xorazm Maʼmun akademiyasining dorivor oʼsimliklar bogʼida yetishtirilgan 20 ga yaqin dorivor oʼsimliklar saqlaydi.
Ushbu balzam va fitochoylar asosan organizmni umumiy tetiklashtiruvchi, tinchlantiruvchi hamda organizmni turli zoʼriqish holatlarga nisbatan chidamliligini oshiruvchi va immun tizimini mustahkamlovchi, oshqozon-ichak ish faoliyatlarini yaxshilovchi qoʼshimcha oziqa sifatida tavsiya qilinadi. Organizmda moddalar almashuvini, shuningdek, oshqozon, ichak, jigarning ish faoliyatini yaxshilash xususiyatlariga ega.